“Ekologik istirohat bog‘i”: ijod va tabiat uyg‘unligi
Maktabimizda Tarbiya fani doirasida Tarbiya fani o‘qituvchisi O. Xalilova tomonidan o‘quvchilarning ijodkorligi, ekologik madaniyati va tabiatga bo‘lgan mehrini oshirishga qaratilgan navbatdagi mazmunli mashg‘ulot tashkil etildi.
Dars jarayonida “Ekologik istirohat bog‘i” mavzusida o‘quvchilar tomonidan uy sharoitida tayyorlab kelingan turli xil ijodiy ishlar namoyish etildi. Har bir o‘quvchi o‘z qo‘li bilan yasagan ijod namunasini birma-bir taqdim etib, uning g‘oyasi va mazmuni haqida so‘zlab berdi.
Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarning tasavvuri, ijodiy yondashuvi hamda chiqindilardan unumli foydalanish orqali yangi buyumlar yaratish qobiliyati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Maktab direktori R. Abduraximov hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari K. Isajonov o‘quvchilar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlarni ko‘zdan kechirib, ularning mehnati va izlanishlariga munosib baho berdilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar o‘quvchilarda ekologik tafakkur, ijodkorlik, mehnatsevarlik va tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tabiatni asrash — kelajakni asrashdir!