Speech Time — yangi haftaga ko‘tarinki kayfiyat bilan
Maktabimizda navbatdagi “Speech Time” tadbiri ko‘tarinki ruhda bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari K. Isajonov o‘quvchilarni yangi hafta bilan qutlab, ularga o‘qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi marralar va omad tiladilar. Shuningdek, 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kuni munosabati bilan barchani samimiy tabriklab, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yana bir bor ta’kidladilar.
Tadbirning keyingi qismi 10-«D» sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan kreativ g‘oyalar va qiziqarli o‘yinlar bilan davom etdi. O‘quvchilarning faol ishtiroki, topqirligi va ijodkorligi tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, barchaga a’lo kayfiyat ulashdi.
“Speech Time” — yangi haftani ezgu niyatlar, ijobiy kayfiyat va katta maqsadlar bilan boshlash uchun ajoyib imkoniyat!